Muqobil energiya boʻyicha xalqaro ilmiy-amaliy anjuman

Joriy yilning 26-aprel kuni Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida “Muqobil energiya – Oʻzbekiston energetika tizimi taraqqiyotining istiqbolli yoʻnalishlaridan biri” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar doirasidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari davlat Dasturini amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5646-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 133-F-sonli “2019-yilda oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlarni oʻtkazish rejasi toʻgʻrisida”gi Farmoyishi ijrosi doirasida boʻlib oʻtdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman quyidagi shoʻbalar boʻyicha oʻz ishini olib bordi:

  1. Milliy iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida energiya manbalaridan foydalanishning joriy holati hamda mavjud muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari;
  2. Muqobil energiya manbalaridan foydalanishda “fan-taʼlim-ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlash masalalari;
  3. Muqobil energiya manbalaridan foydalanishda ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Fizika–Kuyosh” IICHB Fizika-texnika instituti, “Oʻzbekenergo” AJ, Quyosh energiyasi xalqaro instituti va boshqa bir qator sohaga tegishli boʻlgan 150 dan ortiq idora-tashkilot vakillari hamda institutning talabalari ishtirok etdi.

Shuningdek, anjumanda Yodju texnika instituti bir qator tashkilotlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Fizika – Kuyosh” IICHB Fizika-texnika instituti bilan oʻzaro hamkorlik Memorandumi imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Xabaringiz bor, shu yilning 18-21-aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In mamlakatimizga tashrif buyurgan chogʻda, ikki davlat oʻrtasida ijtimoiy-iqtisodiy va maʼdaniy-maʼrifiy sohalarda oʻrtasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma kelishuvlar imzolangan edi. Mazkur tashrif doirasida Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti ham Koreya Respublikasi Milliy Kutubxona Assambleyasi (The National Assembly Library, Republic of Korea) bilan oʻzaro anglashuv va hamkorlik Memorandumi imzolandi. Mazkur Memorandum asosida endilikda Institut talabalari Oʻzbekistonda taʼlim olish bilan bir vaqtda, Koreya Respublikasi Milliy Kutubxona Assambleyasida mavjud boʻlgan 650 ming ingliz tilidagi, 300 ming yapon tilidagi va 200 mingdan ortiq boshqa chet tillardagi hamda 3 milliondan ortiq koreys tilidagi kutubxona fondidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Анжуман якунлари бўйича илмий-амалий хулосалар ҳамда услубий тавсиялар ишлаб чиқилди.

2019-06-13T22:49:38+00:00