“Kelajak Energiyasi” mavzusida davra suhbati

Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida 2019-yilning 16-mart kuni “Kelajak energetikasi: muqobil energiya manbalari va ularning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi oʻrni” mavzusida soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Davra suhbatidan oʻrin olgan asosiy masalalar:

  1. Energetika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish boʻyicha 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalar;
  2. 2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi mazmun va mohiyati;
  3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5646-son Farmoni asosida energetika sohasida tashkil etilgan davlat hamda xoʻjalik boshqaruv organlarining asosiy vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari.

Tadbirda oʻz maqola va tezislar bilan ishtirok etganlarning materiallari alohida toʻplam shaklida chop etilishi rejalashtirilgan.

Maqola va tezislar matni 2-5 bet hajmda elektron va bosma ravishda ikki nusxada qabul qilinadi. Maqola matni Microsoft Word dasturida, Times New Roman (oʻzbek, rus, ingliz yoki koreys tilida), shrifti 14 kegel kattaligida; 1,0 intervalda, chapdan 30 mm, oʻngdan 15 mm, yuqoridan va pastdan 25 mm joy qoldirilgan holatda rasmiylashtirilishi lozim; material mavzusi bosh harflarda koʻrsatiladi, undan ikki qator pastda muallifning ismi-sharifi va familiyasi, ilmiy darajasi va unvoni, ish joyining toʻliq nomi koʻrsatiladi, undan 2 interval tashlab matn keltiriladi. Matn boʻyicha iqtiboslar maqolaning oxirida beriladi.

Matn ilmiy, texnik va stilistik tahrir qilingan boʻlishi lozim.

Maqolalarni qabul qilish muddati – 2019-yil 15-martga qadar.

Mualliflardan tadbirda ishtirok etish va maqola/tezis nashri uchun haq olinmaydi.

Maqola matnini quyidagi manzilga yetkazishingizni soʻraymiz:

Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti, 100000. Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir koʻchasi, 156 uy,

“Muqobil energiya” taʼlim yoʻnalishi rahbari Berdiqulov Mashrab Aliqulovichga

Tel.: (+99878) 129-40-40. (ichki tel. Raqam – 132) E-mail: M.Berdikulov@ytit.uz

2019-06-13T23:10:00+00:00